Navbat, Java dasturlash tilining asosi va uning strukturasiga keldi. Barcha narsaning asosini bilib olsangiz, har qanday murakkab holni ham tushunish mumkin bo‘ladi. Nafaqat dasturlash, balki istalgan yo‘nalish, soha yoki biror bir tushunchani mukammal bilish uchun, dastlab uning strukturasini(nimalardan tashkil topganini)bilish, o‘rganishning asosiy  va to‘g‘ri harakati bo‘ladi.

Oldingi maqolada Java dasturlash tilida dastlabki dasturimizni NetBeans IDE muhitida yaratdik, keling shu dasturimizni esga  olaylik.

class test {
public static void main(String[] args){
System.out.println("HellO WorlD");>
}
}

Shu misol asosida, Java tili haqida, dastlabki bilimlarni egallaymiz.

1. Java dasturlash tili registrga bog‘liq bo‘lgan dasturlash tili hisoblanadi. Agar siz misoldagi «main» so‘zini, «mAin» deb yozsangiz, NetBeansning quyi qismida xatolik haqida ma’lumot chiqadi. Demak, so‘zlarni katta-kichikligiga ahamiyat bering.

2. Ikkinchi qatordagi «public» kalit so‘zi, ruxsatni anglatadi, ya’ni dasturning istalgan joyidan shu nomli klassga murojaat qilish mumkin bo‘ladi. To‘liqroq keyingi maqolalarda.

3. «class» kalit so‘zi, bu degani, dasturdagi hamma kodlar klass ichida joylashadi va bu klass «test» deb nomlanadi. Klass bu — dastur uchun konteyner hisoblanadi. Barcha Java dasturlarida kamida bitta klass mavjud bo‘ladi, murakkab dasturlarda bittadan ko‘p bo‘lishi ham mumkin. Klass nomi dasturchi tomonidan quyidagi qoidalarga rioya qilgan holda beriladi:

klass nomi harfdan boshlanishi lozim;

klass nomida faqat raqam va harflar ishtirok etishi mumkin;

uzunligi siz hohlaganingizcha bo‘lishi mumkin(kichikroq va tushunarli bo‘gani ma’qul);

klass nomi sifatida maxsus zaxira so‘zlari ishtirok etmasligi lozim;

odatda klass nomi katta harfdan iborat bo‘ladi(bizning holda bunday emas), agar bir necha so‘zdan iborat nom bo‘lsa, ularning bosh harflari katta harfda yozilishi(tuya stili) odat bo‘lib qolgan(TestVariable).

4. Klass nomi, shu klass saqlangan fayl nomi bir xil bo‘lishi lozim. Agar asosiy klass nomi «test» bo‘lsa, kod saqlangan fayl nomi ham «test» bo‘lishi lozim, shu bilan birga registr(katta-kichik harf) ham bir xil bo‘lishi shart. Fayl kengaytmasi «.java» bo‘lishi kerak.

5. Agar dastur to‘g‘ri yozilgan va to‘g‘ri nomlangan bo‘lsa, kompilyatsiyadan so‘ng, bayt-kod hosil bo‘ladi va u asosiy klass nomi kabi nomlanadi, lekin kengaytmasi «*.class«, ya’ni «test.class» ko‘rinishida bo‘ladi.

6. Yozilgan kod «Javac» kompilyatori yordamida bayt-kodga aylantiriladi va «Java» interpretatoridan foydalanib, dastur ishga tushadi.Interpretator o‘z ishini «main» metotidan boshlaydi, shuning uchun har bir kodda bu metod bo‘lishi lozim.

7. Koddagi figurali qavslar({, }) alohida blokka olish uchun ishlatiladi. Barcha dasturlar alohida blok hisoblanadi, shuning uchun klass nomidan keyin qavs ochiladi va oxirida yopiladi.

8. Dastur ichidagi alohida bloklar, dastur metodlari hisoblanadi. Misolda, «main» metodi dastur ichida joylashgan va qavs bilan ajratilgan. Bu qavslar, metod boshlanishi va tugashini bildiradi.

9. Metod ichida ekranga chiqaruvchi buyruq(System.out.println) berilgan, bu operator deyiladi. Bizning dasturda operatorlar soni bitta va oxirida nuqta-vergul(;) bilan tugatilmoqda.

Java dasturlash tilida, boshqa tillarda bo‘lgani singari kommentariyalar mavjud. Kommentariyalar kompilyator tomonidan inobatga olinmaydi, ulardan dasturchilar o‘z kodlarini tushuntirishda foydalanishadi. Kommentariyadan foydalanilgan kodlarni, keyinchalik ochib ko‘rganda, nima vazifa bajarilganini tez anglab olish mumkin. Kommentariyaning quyidagi turlari mavjud:

1. Bir qatorli kommentariya(//). Faqat bir qatorni kommentariyaga oladi, misol

class test {  //bu yerda klass e'lon qilinmoqda.
public static void main(String[] args){
System.out.println("HellO WorlD");
}
}

Berilgan izoh kompilyator tomonidan qaralmaydi, shuning uchun xatolik bo‘lmaydi.

2. Ko‘p qatorli kommentariya. «/*» belgilar bilan boshlanib, «*/» belgilar bilan tugaydigan kommentariya turi. Bunda, shu blok  orasidagi barcha yozuv kommentariyaga o‘tadi. Misol,

class test {
/* public static void main(String[] args){
System.out.println("HellO WorlD");
}   */
}

Kompilyator klass ichidagi barcha kodlarni inobatga olmaydi.

Bu maqolani shu yerda tugatamiz va qolgan ma’lumotlarni keyingi maqolalarga qoldiramiz.