Java dasturlashni o‘rganishni davom ettiramiz. Dasturlashda ishlatiladigan tiplar bilan tanishib chiqdik, endi murakkabroq bo‘lgan, guruhli tip — massivlar haqida gaplashamiz.

Ko‘p hollarda, dastur tuzish davomida bir xil tipdagi bir necha o‘zgaruvchilar kerak bo‘lib qoladi va bularni birma-bir e’lon qilib chiqish biroz vaqt va kodlarning ko‘payib ketishiga olib keladi. Misol qilib oladigan bo‘lsak,

class test{
public static void main(String args[]) {
int jan=21;
int feb=26;
int mar=32;
int apr=24;
int may=28;
int jun=43;
int jul=35;
int aug=29;
int sep=23;
int oct=19;
int nov=21;
int dec=11;
float rez;
rez = (jan+feb+mar+apr+may+jun+jul+aug+sep+oct+nov+dec)/12;
System.out.println(rez);
}
}

Dasturda, 12 ta bir xil tipli o‘zgaruvchi e’lon qilinmoqda va ularga qiymatlar berilgan. So‘ng, bu qiymatlar qo‘shilib, «rez» nomli o‘zgaruvchiga yozildi. Shundan so‘ng, bu o‘zgaruvchi qiymati ekranga chiqarilmoqda. Natija esa, 26.0 ga teng.

 Java dasturlash tilida, bunday bir xil tipdagi ma’lumotlarni saqlash uchun, massiv degan tushuncha kiritilgan. Agar siz 12 ta o‘zgaruvchi emas, 100 ta o‘zgaruvchini ishlatmoqchi bo‘lsangiz, massivsiz biroz qiynalishingiz mumkin.

Massiv bu — bir xil tipdagi o‘zgaruvchilardan iborat guruh bo‘lib, bu guruhga massiv nomi orqali murojaat qilishingiz mumkin bo‘ladi, massivdagi o‘zgaruvchilarga esa, massiv indekslari yordamida. Massivlar 2 xil turda bo‘lishi mumkin: bir o‘lchamli va ko‘p o‘lchamli.

Bir o‘lchamli massivlar bitta tipdagi o‘zgaruvchilar ro‘yxatidan iborat bo‘ladi. Bir o‘lchamli massivni e’lon qilish uchun, dastlab, massiv tipi, so‘ng massiv nomi ko‘rsatiladi(undan so‘ng qavslar).

int mas[];

Bu yerda «int» tipida va «mas» nomli massiv e’lon qilinmoqda. Oldingi maqolalarda aytganimdek, o‘zgaruvchi yaratilganda, shu o‘zgaruvchi tipiga qarab operativ xotiradan ma’lum bir joy ajratiladi, massivlarda ham shunday, faqat qancha joy ajratish kerakligini «new» kalit so‘zidan keyin ko‘rsatish lozim.

mas = new int[12];

massiv nomi kiritilmoqda va «=» belgisidan so‘ng, «new» kalit so‘zi ishlatilmoqda. undan so‘ng massiv tipi va nechta elemnetdan iboratligi ko‘rsatilmoqda.

Shunday qilib, massiv yaratish ikki bosqichda amalga oshirilmoqda.

1. Massiv o‘zi yaratilmoqda.

2. Shu massiv uchun xotiradan joy ajratilmoqda.

Endi, yuqoridagi misolni massiv orqali ifodalaymiz.

class test{
public static void main(String args[]) {
int temp_mes[];
temp_mes=new int[12];
temp_mes[0]=21;
temp_mes[1]=26;
temp_mes[2]=32;
temp_mes[3]=24;
temp_mes[4]=28;
temp_mes[5]=43;
temp_mes[6]=35;
temp_mes[7]=29;
temp_mes[8]=23;
temp_mes[9]=19;
temp_mes[10]=21;
temp_mes[11]=11;
float rez;
rez = (temp_mes[0]+temp_mes[1]
+temp_mes[2]+temp_mes[3]
+temp_mes[4]+temp_mes[5]
+temp_mes[6]+temp_mes[7] +temp_mes[8]+temp_mes[9]
+temp_mes[10]+temp_mes[11])/12;
System.out.println (rez);
}
}

«temp_mas» nomli 12 ta elementdan iborat massiv yaratilmoqda va har bir elementiga biror qiymat berilmoqda, shundan so‘ng, massivning barcha elementlari qo‘shilib, 12 soniga bo‘lindi,  «rez» nomli o‘zgaruvchiga yozildi va oxirida ekranga chiqarildi. Massiv elementlariga qiymat berish uchun, massiv nomi va qaysi elementligi qavs ichida( [ ] ) yozilib, undan so‘ng kerakli qiymat beriladi. Bu dasturlash tilida, massiv elementlari «0» dan boshlanadi, agar massivni birinchi elementiga murojaat qilmoqchi bo‘lsangiz, temp_mas[0] ko‘rinishida chaqirasiz.

Aytishingiz mumkin, massivni ishlatib, kodlari uzunlashtirib yubordik deb, lekin massivni biroz qisqartirishimiz mumkin bo‘ladi.

Massivni e’lon qilish va joy ajratishni bitta qatorda amalga oshirish mumkin.

int temp_mas[] = new int[12];

Massivga qiymat berishda, ularni e’lon qilayotgan paytda berish mumkin, bunda «new» orqali xotiradan joy ajratish shart emas, elementga qarab o‘zi joy ajratiladi.

int temp_mes[]={21,26,32,24,28,43,35,29,23,19,21,11};

Shunda yuqoridagi kod quyidagiga keladi:

class test{
public static void main(String args[]) {
int temp_mes[]= {21,26,32,24,28,43,35,29,23,19,21,11};
float rez;
rez = (temp_mes[0]+temp_mes[1]
+temp_mes[2]+temp_mes[3]
+temp_mes[4]+temp_mes[5]
+temp_mes[6]+temp_mes[7]
+temp_mes[8]+temp_mes[9]
+temp_mes[10]+temp_mes[11])/12;
System.out.println (rez);
}
}

Undan tashqari massiv elementlarni qo‘shishni ham qisqartirish mumkin, lekin buning uchun «sikl«larni bilish kerak, bular haqida keyingi maqolalarda tanishasiz.