Bu darsimiz, shartli operator — IF’ga bag‘ishlanadi. Bu operatorni ma’nosi shundaki, biror shart qo‘yiladi va shu shartni bajarilishiga qarab amallar bajariladi. Hayotiy misol ko‘ramiz, agar kun issiq bo‘lsa, ko‘chada futbol o‘ynaymiz, aks holda, sportzalda. Bu misolda, ob-havoga nisbatan shart qo‘yildi, ob-havo yoki issiq, yoki sovuq bo‘lishi mumkin, shunga qarab biz yoki ko‘chada yoki sportzalda futbol o‘ynaymiz. Ikkisini bir vaqtda bajara olmaymiz, ya’ni ham ko‘chada ham sportzalda bir vaqtda o‘ynay olmaymiz.

Endi, veb sohasida misol keltiraman, agar foyadalnuvchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, faylni yuklashga ruhsat beriladi, agar ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tish taklif qilinadi.

Qayerda bizga agar so‘zi kerak bo‘lib qolsa, o‘zsha yerda shartli operatorlarni ishlatamiz.

YUqoridagi hayotiy misolni JavaScript veb dasturlash tilida tuzamiz, shartni tekshirish «IF» operatori yordamida bo‘ladi, dastlab kodni ko‘rsataman:

<script type="text/javascript">
var a = "issiq";
if (a=="issiq"){
document.write("kuchada");
}
else
document.write("zalda");
</script>

Natija: kuchada

Kodni tushuntiraman, dastlab «var» kalit so‘zi orqali «a» o‘zgaruvchi e’lon qilindi va unga «issiq» nomli qiymat berildi. Shundan so‘ng, «IF» kalit so‘zi orqali bu o‘zgaruvchi tekshirildi, agar o‘zgaruvchi qiymati «issiq» bo‘lsa, ekranga «kuchada» degan yozuv chiqsin, aks holda(else), «zalda» degan yozuv chiqsin. Biz yuqorida «a» o‘zgaruvchiga «issiq» qiymat berdik shu sababli ekranga «kuchada» degan yozuv chiqdi.

Demak, «IF» orqali biror o‘zgaruvchi tekshiriladi, ya’ni «IF» kalit so‘zidan keyin qavs ichida biror shart beriladi, agar shu shart bajarilsa, undan keyingi operatorlar ishlaydi, agar shart bajarilmasa, «IF» bloki ichidagi operatorlar tashlab ketilib, «else» kalit so‘zi ichidagi blok ishlaydi, uning ma’nosi aks holda. Umumiy strukturasini ko‘ramiz:

Agar (shart) {

operator yoki operatorlar guruhi

}

aks holda {

operator yoki operatorlar guruhi

}

Shart ichida tekshirilganda, agar tenglik tekshirilsa, ikkita tenglik belgisi(==) bilan tekshiriladi, shart ichida quyidagi simvollar bilan tekshirilish amalga oshirilishi mumkin:

== — tenglik tekshiriladi;

> — kattalik tekshiriladi;

< — kichiklik tekshiriladi;

>= — katta yoki tenglik tekshiriladi;

<= — kichik yoki tenglik tekshiriladi;

!= — teng emas;

=== — tenglik bilan birga, tiplari ham tekshiriladi(bir hilligi).

YUqoridagi tekshirish simvollariga misollar ko‘ramiz.

1. Son berilgan shuni musbat yoki manfiyligini tekshiramiz, algoritm quyidagicha: son noldan katta bo‘lsa, musbat, aks holda manfiy.

<script type="text/javascript">
var son = 5;
if (son>0){
document.write("musbat");
}
else{
document.write("manfiy");
}
</script>

Natija: musbat

2. Berilgan son, 4 dan katta yoki 4 ga teng bo‘lsa, natija «O’qishlar yaxshi«, aks holda «O’qishlar yomon«.

<script type="text/javascript">
var son = 4;
if (son>=4){
document.write("O'qishlay yaxshi");
}
else{
document.write("O'qishlar yomon");
}
</script>

Natija: O’qishlar yaxshi

3. O‘zgaruvchiga yozuv ko‘rinishida «4» qiymat beriladi va bu qiymat yozuv yoki raqam tipiga tegishliligi tekshiriladi.

<script type="text/javascript">
var son = "4";
if (son===4){
document.write("Raqam");
}
else{
document.write("Yozuv");
}
</script>

Natija: Yozuv

Har safar «if» yoki «else» qismini blokka olish shart emas. Agar «if»  yoki «else» kalit so‘zidan keyin bitta operator kelsa, ularni blokka olish shart emas, agar bir necha operatorlar kelsa, bu holda blokka olish shart. YUqoridagi kodni, quyidagicha ham yozish mumkin:

<script type="text/javascript">
var son = "4";
if (son===4)
document.write("Raqam");
else
document.write("Yozuv");
</script>

Agar «if» yoki «else» shartli operatorlarni ichida bir necha operatorlar bo‘lsa, blokka olmasangiz xato bo‘ladi.

<script type="text/javascript">
var son = "4";
if (son===4)
document.write("Raqam");
document.write("<br>");
document.write("Yozuv emas");
else
document.write("Yozuv");
</script>

«If» ichida 3 ta operator, shuning uchun, uni qavs ichiga olib, bitta blok ekanligini aniqlashtirish lozim.

<script type="text/javascript">
var son = "4";
if (son===4){
document.write("Raqam");
document.write("<br>");
document.write("Yozuv emas");
}
else
document.write("Yozuv");
</script>

Shartli operatorlar haqida umumiy tushunchaga ega bo‘ldingiz, keyingi darsimizda, shu mavzuni davom ettirib, biroz murakkablashtiramiz.