WordPress darslarini davom ettiramiz, hozirgacha biz bu CMS’ni o’rnatishni ko’rdik. Biz hosil qilgan test.uz sayti tayyor, shu holda ham bu saytni yuritish mumkin. Agar «test.uz» qayerdan paydo bo’lganini bilmasangiz, oldingi darslar bilan tanishib chiqing.

Saytni tekshiramiz, dastlab Denwer’ni ishga tushiramiz va biror brauzerni ochib u yerga «test.uz» deb yozamiz. Ekraningizda biz hosil qilgan sayt paydo bo’ladi:

Ko’rib turganingizdek, sayt mavjud, faqat biroz oddiyroq. WordPress orqali bu oddiy ko’rinishdagi saytni juda chiroyli va qulay qilish mumkin, bu haqida keyinroq.

WordPress o’rnatilgandan keyin, bu CMS tomonidan har xil papka va fayllar hosil bo’ladi, bu darsizmiz, shu papkalarni qisqa tavsifidan iborat bo’ladi, demak WordPress’ni o’rnatganingizdan so’ng, biz ochgan test.uz papkasi ichidagi www papkasida quyidagi fayl va papkalar bo’ladi(asosiylarini yozaman):

wp-admin

wp-content

wp-includes

.htaccess

index.php

wp-config.php

Bulardan tashqari yana «wp» deb boshlanadigan bir qancha fayllar bo’ladi, bular hozircha bizga kerak emas. Yuqoridagilar bilan tanishamiz:

wp-admin — bu papkada sayt admin paneli fayllari joylashadi. Har bir saytning(CMS bo’lmagan saytlarda ham) o’z admin paneli bo’ladi, bu orqali sayt boshqariladi. WordPress CMS’da ham admin panel bo’lib, bu panel ko’rinishi va boshqarilishini hosil qilgan fayllar shu katalogda saqlanadi. Admin panel haqida keyingi darslarda yozib o’taman. Qisqa qilib ayitshim mumkinki, admin panel ham bir kichik sayt ko’rinishida bo’lib, to’liq sayt, hattoki, ma’lumotlar bazasi ham shu panel orqali boshqarilishi mumkin. Bu katalogni ichini o’zgartirish tavsiya qilinmaydi.

wp-content — saytning asosiy katalogi, bu katalogda saytga tegishli barcha fayllar, shablonlar, plaginlar, mediafayllar(rasm, video) saqlanadi. Bu katalog ichida quyidagi asosiy kataloglar mavjud:

languages — CMS WordPress tili(rus tili, ingliz tili, …);

plugins — sayt plaginlari saqlanadi;

themes — sayt shablonlari uchun joy.

wp-includes — bu  yerda tizim fayllari saqlanadi, ya’ni WordPress yadrosi. Bu papkani o’zgartirish umuman mumkin emas, Windows tizimidagi system32 papkasini o’zi. Bu yerdagi fayllarni o’zgartirish WordPress’ni ishdan chiqaradi.

.htaccess — bu fayl orqali Apache web serverini boshqarish mumkin. Bundan asosan IP adreslarni filtrlash, sahifalarni boshqarish(kimga mumkin, kimga mumkin emas), yo’naltirishlarni(redirect 301) amalga oshirish maqsadida foydalanish mumkin.

index.php — asosiy sahifa, saytga murojaat qilinganda, birinchi shu fayl ishga tushadi va shablonga havola qiladi.

wp-config.php — asosiy sozlovchi fayl, ma’lumotlar bazasi bilan bog’lanishni sozlash, CMS darajasidagi har xil global o’zgaruvchilarga qiymat berish mumkin.

Umuman olib qaraganda, sizga faqat wp-config.php fayli va wp-content papkasi kerak bo’ladi, qolgan fayl va papkalarga umuman tegmasangiz ham bo’ladi. Umumiy CMS’ni yangilayotkanda(update) bu papkalar ham yangilanadi, lekin sizning fayllaringiz, ya’ni wp-content ichidagi fayllar o’zgarmaydi.